Marufjon Ochilov
Sirli qurollar: La Liganing ushbu mavsumdagi eng yaxshi zahira futbolchilari
La Liga Sevilla derbisi bilan boshlandi. Muxlislar intiqib kutgan liga qaytdi.
Undanda quvonarlisi Luis Suares, Tibo Kurtua, Marko Asensio, Eden Azarlar jarohatlaridan to’liq forig’ bo’lishdi. La Ligada yana shunday futbolchilar borki, ular zahiradan maydonga tushishadi, lekin shunda ham o’yin qahramoni bo’lishga qodir. Bugun ular haqida suhbatlashamiz.
Ansu Fati
Oxirgi paytlarda “Barselona” tarbiyalanuvchilariga nisbatan noroziliklar ko’payib ketgan edi. Lekin Ansu Fati bu tanqidlarga javoban o’ziga berilgan imkoniyatdan unumli foydalanyapti. 2019/2020 yilgi mavsum “Barselona” hujum chizig’i uchun omadsiz boshlandi. Leo Messi, Usmon Dembele va Luis Suares birin-ketin jarohat oldi. Bu esa Ansu Fatiga o’zini ko’rsatishi uchun imkoniyat yaratdi.
“Barsa”ning sobiq murabbiyi Ernesto Valverde chap qanot hujumchisi bilan bog’liq muammoga duch keldi. U akademiyadan futbolchi olishga majbur bo’ldi. Shu tariqa Ansu Fati 16 yoshida “Barsa”ning asosy jamoasiga o’tdi. Yosh futbolchi unga qanaqa imkoniyat berilayotganini tushunib turgandi va u bundan foydalana oldi. Fati jamoaga moslashib ketish bilan birga ancha foydali ham bo’ldi. Sekin-asta gollar ura boshladi.
Ushbu mavsumda Ansu La Ligada 16 o’yinda maydonga tushib, 4 ta gol va 1 ta assistentlikni o’z hisobiga yozdirib qo’ydi. Undan tashqari Chempionlar Ligasida ham gollar seriyasiga start berdi. Rahbariyat darhol futbolchi bilan professional shartnoma imzoladi.
Mish-mishlarga qaraganda, “MYu” futbolchi uchun Kataloniya jamoasiga 100 mln yevro taklif qilgan. “Ko’k-anorranglilar” esa rad javobini bergan. Hozirda 17 yoshda bo’lgan Ansu Fati zahira futbolchisi bo’lishiga qaramay, muxlislar uni “Barsa”ning kelajakdagi yetakchisi bo’lishiga ishonishmoqda.
Vinisius Junior
“Flamengo” tarbiyalanuvchisi Madridda ikkinchi mavsumini o’tkazyapti. Avvaliga, Vinisius “Kastilya”da o’yinlar o’tkazdi. Ammo u asosiy jamoada to’p surish niyatida edi. Hattoki, “Qirollik klubi” safidagi ilk golini urganda ko’zyoshlarini tiya olmagan edi. Bu mavsumda futbolchining ishlari yaxshi ketyapti. Junior Zidanning ishonchiga kira oldi va yetarlicha o’yin amaliyotiga ega bo’lyapti.
Ushbu mavsum La Ligada Vinisius Junior 19 ta o’yinda maydinga tushib, 2 ta gol va 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Junior hali ham rotatsion futbolchi hisoblansada, lekin jamoa uchun foydali harakatlarni amalga oshiryapti.
Ayni damda Vinisius “Qirollik klubi”ning kreativ ijodkorlaridan biri hisoblanadi. Ishonch bilan ayta olamizki, futbolchi yaqin kelajakda “Real”ning yetakchisiga aylanadi.
Anxel Rodriges
“Xetafe” futbolchisi 30 yoshdan o’tgach mashhurlikka erishdi. Hujumchi uzoq yillar Segundada to’p surgan va o’zini ko’rsatishi uchun imkoniyat bo’lmagan. Hozirgi kunda esa futbolchi “Xetafe” uchun juda muhim ekanligini ko’rsatyapti.
Ushbu mavsumda Rodriges 24 o’yinda qatnashib 10 ta gol urgan va 2 marta golli uzatmani amalga oshirgan. Maydonda bir taym o’ynaydigan va 33 yoshda bo’lgan futbolchi uchun bu yomon ko’rsatkich emas. Aynan Anxelning sai-harakatlari evaziga “Xetafe” Chempionlar Ligasi uchun kurash olib bormoqda.
Darvin Machis
“Granada” hujumchisi ko’pchilik uchun notanish bo’lishi mumkin. Futbolchi tez-tez jamoasini almashtirib turadi. Machis A seriyada, Portugaliyaning ikkita ligasida va hatto Ispaniyaning uchinchi divizionida ham to’p surishga ulgurgan. O’tgan mavsumda Darvin Segundadagi “Kadis” jamoasida to’p surardi, bu mavsumda esa “Granada” safiga o’tdi.
Venesuelalik futbolchi yangi jamoasiga tez moslashib ketdi. Darvin La Ligada 26 o’yinda maydonga tushib, 6 ta golga mualliflik qildi. Har bir o’yinda esa o’rtacha hisobda 55 daqiqa maydonda harakat qilyapti.
Darvin Amerika Kubogi rekordsmeni hisoblanadi. 2019-yilda u Boliviya darvozasiga 76-sekundda gol kiritib, musobaqa tarixidagi eng tezkor gol muallifiga aylangan.
Arturo Vidal
Chililik futbolchi La Liganing eng yaxshi markaziy yarim himoyachilaridan biri. Bu mavsumda futbolchi 87 foiz aniq uzatmalarni amalga oshirgan. Undan tashqari 67 foiz yakkakurashlarda g’alaba qozongan. Vidal 22 o’yinda 6 gol va 2 ta golli uzatmani o’z hisobiga yozdirib qo’yishga muvaffaq bo’ldi.
Ushbu mavsumda futbolchi La Ligada bor-yo’g’I 4 ta o’yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi. Asosan zahiradan maydonga tushishiga qaramasdan, chililik futbolchining jamoadagi o’rni ancha katta hisoblanadi.
Transfer oynasida “Barselona”ning ikkita yarim himoyachisi jamoani tark etishi mumkin: Ivan Rakitich va Arturo Vidal. Ularning shartnomasi 2021-yilda yakuniga yetadi, ammo futbolchilar jamoada qolishni istamoqda. Rahbariyat esa ularni katta transferlarga qo’shib yuborish istagida.
Ma'rufjon Ochilov tarjimasi