Marufjon Ochilov
Mushuk, askar va kataloniyalik. “Real” tarixida eng yaxshi darvozabon kim?
Rikardo Samora
“El Divino” (ilohiy) taxallusi futbolchilarga shunchaki berilmaydi. Rikardo Samora shu nomga sazovor bo’lgan va XX asrning eng yaxshi ispaniyalik darvozaboni hisoblanadi.
Rikardoning ota-onasi uni shifokor bo’lishi xohlagan edi, ammo yosh Rikardoning futbolga bo’lgan muhabbati ustun keldi. Kataloniyalik futbolchi “Espanyol” va “Barselona”da to’p surishga ulgurdi va “Real”da ham 150 ta o’yin o’tkazib, haqiqiy madridistga aylandi. “Real” 1931/1932 yilgi mavsumda o’zining ilk chempionligini qo’lga kiritishida uning ham hissasi katta. Samoraning “Madrid” libosidagi oxirgi o’yini ham sovrin bilan yakunlangan. 1936-yilda jamoa Ispaniya Kubogini qo’lga kiritgan edi.
“Barsa”ning sobiq futbolchisi “Real” safiga o’tishi katta mojarolarga sabab bo’ldi. To’g’ri, Rikardoga bosimlar darhol bo’lmadi. 1933-yilda Ispaniya terma jamoasi Barselonada o’yin o’tkazishi aniq bo’lgan paytda, “ko’k-anorranglilar” muxlislari Samora bu yerdan tirik qaytmasligini aytishgan edi.
Shunday bo’lsa-da, Samora Ispaniya futboli tarixida eng yaxshi darvozabonlar biriga aylangan.
Xuanito Alonso
Xuanito Qirollik klubi safida 14 mavsum va deyarli 300 o’yin o’tkazgan. Alonso mehnatsevarlik va sovuqqonlik ramzi hisoblanadi. Eng qizig’i, Xuanito faoliyatini endi boshlayotgan vaqtda Madridning boshqa bir afsonasi – Rikardo Samora (o’sha paytda “Selta”ning bosh murabbiyi edi) undan yaxshi darvozabon chiqmaydi deb hisoblagan. Vigo jamoasida asosiy tarkibdan joy ololmagan Xuanito Ferrol shahriga harbiy xizmatga ketadi. Harbiy xizmatdan so’ng, kutilmaganda “Madrid” jamoasi darvozabonga shartnoma taklif qiladi. Alonso “Real”ga uchinchi darvozabon sifatida tashrif buyuradi va juda tez fursatda asosiy darvobonga aylanadi. Aynan u bilan Qirollik klubi ilk Chempionlar Ligasi sovrinini qo’lga kiritadi. Xuanito hisobida 18 ta sovrin mavjud.
14 mavsum davomida madridliklar darvozasini qo’riqlagan basklik darvozabon raqobatlarga qaramasdan, eng yaxshisi ekanligini isbotlab keldi. Agarda kasallik uni yengmaganda, Xuanito 34 yoshda emas, sal kechroq faoliyatini yakunlagan bo’lardi.
Migel Anxel
Migel Anxel sportga ilk qadam qo’yayotgan paytda gandbol darvozaboni edi. Keyinchalik futbolga o’tib ketdi. “Real Madrid” skautlari uning “Orense” safidagi o’yinlarini ko’rib, qiziqib qolishdi. Anxelning Madriddagi faoliyati avvaliga oson kechmadi, ketma-ket ijarada yurishlar, jamoa ichidagi katta raqobat.
Anxelning yulduzlik onlai 1973/1974 yilgi mavsumga to’g’ri keldi, o’shanda Migel Munyos murabbiylik postini tark etishga majbur bo’lgandi. Yangi murabbiy Luis Molovniga esa Migel Anxel o’zining nimalarga qodir ekanligini ko’rsatib qo’ydi. Shundan so’ng u kelayotgan o’n yillikda “Madrid”ning asosiy darvozaboniga aylandi.
346 o’yin, 8 ta La Liga, UEFA Kubogi, 5 ta Ispaniya Kubogi, Liga Kubogi va Samora sovrini Migel Anxelning faoliyati yuqori notalarda o’tganini isboti hisoblanadi. Uni muxlislar “El gato” (mushuk) deb chaqirishar edi.
Pako Buyo
Fransisko (Pako) Buyo 11 mavsum davomida “Real Madrid”ning asosiy darvozaboni bo’lgan. Hozirgi kunda buncha muddat davomida bir xil ritmda harakat qilish qiyin. Pako 1986-yildan 1997-yilgacha asosiy darvozabon bo’lgan bo’lsa, shu yillar oralig’ida 13 ta sovrinni qo’lga kiritgan.
Pako yoshligida universal futbolchi bo’lgan. Akademiyada u goh darvozabon, goh hujumchi rolini bajarar edi. Har bir pozitsiyada to’p surib chiqqan Pako asosiy pozitsiyasi darvozabon ekanligini tushunib yetdi.
Bundan tashqari Pako Buyo La Ligada 500 o’yinlik marrani birinchi bosib o’tgan futbolchi hisoblanadi.
Iker Kasilyas
XXI asrda “Real Madrid”ning eng yaxshi darvozaboni. Balki, “Madrid” jamoasining butun tarixidagi eng yaxshi darvozabondir. 9 yoshida “Real Madrid” sistemasiga tushgan Kasilyas 25 yil davomida Qirollik klubiga sodiq futbolchi bo’ldi.
“Real” va Ispaniya terma jamoasi safida qo’lga kiritishi mumkin bo’lgan barcha sovrinlarni yutdi (uning hisobida 23 ta sovrin mavjud), undan tashqari individual sovrinlari ham havas qilsa arzigulik (IFFHS bo’yicha ketma-ket 5 yil eng yaxshi darvozabon deb tan olingan).
Kasilyas Qirollik klubini tark etayotgandagi ko’z yoshlari ko’pchilik muxlislar qalbida butun umr saqlanib qoladi. 2020-yilda yurak xuruji sabab “Portu” safida to’p surayotgan Iker faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
Sizningcha “Real Madrid”ning eng yaxshi darvozaboni kim?
Muallif: Ma'rufjon Ochilov
Comment:






negadir maqolani sarlavhasiga i blog kimniki ekanligiga qarab, boshqacha uslubda, stilda maqola kutgandim o'qishdan oldin to'g'risi)))
Marufjon aka bir mazza qilib, yozilib, hech nimada qo'rqmay o'qiydigan maqolalardan kutib qolamiz))
charchamang, ishlarga rivoj...


Ha futbol orqali netga qadam qo'yganmiz ) Shunga futboldan uzoqlashmaylik deymiz )))
O'ziz yaxshimisiz, Ilhomjon


#4 Casillias, Buffon, Kan. Bular bolaligimizda darvozaga turgan payt eng ko'p tilga olinadiganlari edi.
Shaxsan men uchun Casilias dunyoning eng kuchli darvozaboni!






